O‘zbekistonda ilk bor quyosh elektr stansiyasi “Yashil energiya” xalqaro sertifikatlar tizimida ro‘yxatdan o‘tkazildi
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutida “O‘zbekistonning uzoq muddatli past uglerodli rivojlanish strategiyasi va yashil energiyani sertifikatlash tizimi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, bank sohasi hamda xususiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Muhokamalarda uzoq muddatda uglerod neytralligiga erishish masalalari hamda “yashil sertifikatlar” tizimini takomillashtirish mavzulariga alohida e’tibor qaratildi.
I-TRACK jamg‘armasi va Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi tomonidan I-REC (International Renewable Energy Certificate) xalqaro sertifikat tizimi taqdim etildi. Uning ahamiyati va O‘zbekistonda joriy etilish bosqichlari batafsil tushuntirildi. Ayniqsa, 2026-yil 1-yanvardan Yevropa Ittifoqi tomonidan eksport qilinadigan mahsulotlarga nisbatan uglerod solig‘ini joriy etuvchi chegara orti uglerod nazorati (CBAM) mexanizmi kuchga kirishi ta’kidlandi. Shu bois, mahalliy kompaniyalar tomonidan “yashil sertifikatlar”ga ega bo‘lish Yevropa bozoridagi raqobatbardoshlikni saqlab qolish uchun muhim omil sifatida qayd etildi.
Tadbir davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Texnopark” MChJ o‘rtasida I-REC(E) sertifikatlarini chiqarish va mamlakatdagi ilk quyosh elektr stansiyasini I-REC xalqaro tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuv imzolandi. “Texnopark” kompaniyasiga mos ravishda sertifikat topshirildi. Shu tariqa, 823 kVt quvvatga ega quyosh stansiyasi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sertifikatlash imkoniyati yaratildi.
I-REC(E) tizimi qayta tiklanuvchi manbalar asosida ishlab chiqarilgan har 1 000 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun raqamli sertifikat berilishini nazarda tutadi. Bu tizim dunyoning qariyb 60 mamlakatida amal qiladi va bugunga qadar 200 milliondan ortiq sertifikat chiqarilgan.
O‘zbekiston uchun bu tizimning afzalliklari ravshan. Quyosh, shamol, gidro va biogaz stansiyalari egalari qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishi va “yashil” moliyalashtirishni jalb etishi mumkin. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun esa bu sertifikatlar raqobatbardoshlikni oshiradi, investitsion imijni yaxshilaydi, ESG tamoyillariga muvofiqlikni ta’minlaydi va toza energiya ishlatilishini namoyon etishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, “yashil sertifikatlar”ni eksport qilish imkoniyati mavjud. Joriy yil aprel oyida O‘zbekistonda chiqarilgan sertifikatlar ilk bor eksport qilindi.
Bugungi kunga kelib, “O‘zbekgidroenergo” AJga qarashli jami 962,4 MVt quvvatga ega bo‘lgan to‘rt gidroelektrostansiya I-REC tizimida ro‘yxatdan o‘tgan. So‘nggi bir yarim yil ichida mamlakatda 344 835 dona sertifikat chiqarilgan.