Oʻzbekiston va Tojikiston energetika vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Tomonlar “Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qayta ulanish” loyihasi doirasida yuzaga keladigan texnik masalalarga alohida eʼtibor qaratdi.
Bugun, 14-avgust kuni Soʻgʻd viloyatining Guliston shahrida Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov va Tojikiston Respublikasi energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, uchrashuvda ikki mamlakat yoqilgʻi-energetika kompaniyalari rahbarlari va masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda doʻst va qardosh davlatlar rahbarlari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning tashabbuslari bilan boshlangan ikki tomonlama hamkorlik aloqalari bugungi kunda barcha sohalarda, jumladan, energetika sohasida ham jadal va samarali rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Muzokaralar davomida energetika sohasidagi hamkorlikning keng koʻlamli masalalari koʻrib chiqildi.
Xususan, tomonlar 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumi uchun energetika tizimlari faoliyatini muvofiqlashtirish, “Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qayta ulanish” loyihasi doirasida yuzaga keladigan texnik masalalarga alohida eʼtibor qaratdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning bugungi darajasidan mamnun ekanliklarini bildirdilar hamda ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yoʻlida qardoshlik va strategik munosabatlarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.