“O‘zbekgidroenergo”da AI texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi muhokama qilindi
10-noyabr kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ binosida Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirogida Jamiyat tizimida sun’iy intellekt (AI) texnologiyalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Jamiyatning tizim tashkilotlari va tarkibiy bo‘linmalari, jumladan “Gidroproyekt” AJ rahbarlari hamda mutaxassislari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida raqamli transformatsiyaning strategik yo‘nalishlari, avtomatlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarishdan tortib, gidroinshootlarni boshqarishgacha bo‘lgan asosiy jarayonlarga intellektual yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, AI texnologiyalarini bosqichma-bosqich tatbiq etish istiqbollari, raqamli platformalarni takomillashtirish, hamda intellektual tizimlar bilan ishlash uchun mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘linmalar o‘rtasida yagona raqamli ekotizimni shakllantirish zarurligi ta’kidlanib, bu tashabbus innovatsion madaniyatni rivojlantirish hamda gidroenergetika sohasida samaradorlikni oshirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qayd etildi.
Tadbir doirasida “Gidroproyekt” AJ sun’iy intellektni loyihalash jarayonlarida qo‘llash borasidagi o‘z qarashlarini taqdim etib, AI texnologiyalarining muhandislik va hisoblash jarayonlaridagi salohiyatini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida mas’ul bo‘linmalarga AI yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish va raqamlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.