Energiyani tarmoqqa uzatgan fuqarolarga 8 milliard so‘mdan ortiq to‘lab berildi
2025 yilning birinchi choragida 12 746 nafar jismoniy shaxs davlat byudjeti hisobidan jami 8 milliard 147 million so‘m miqdorida subsidiya oldi. Bu mablag‘lar ular tomonidan ishlab chiqarilgan va yagona energetika tizimiga uzatilgan quyosh energiyasi uchun to‘langan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Eng katta to‘lovlar quyidagi hududlarga to‘g‘ri keldi:
Xorazm viloyati — 2,6 mlrd so‘m
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 1,1 mlrd so‘m
Toshkent shahri — 585 mln so‘m
2023 yil 1 apreldan amalga oshirilayotgan «Quyoshli uy» dasturi doirasida davlat tomonidan fuqarolarga har bir kilovatt-soat uchun 1 000 so‘m miqdorida subsidiya beriladi. Bu quvvat xususiy quyosh panellarida ishlab chiqarilib, o‘z ehtiyojidan ortiq bo‘lgan holda energetika tizimiga uzatilgan energiya uchun to‘lanadi.