×
Очки

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta mikro GES ishga tushirildi

07.07.2025

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta yangi mikro gidroelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Ushbu loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi PQ-129-sonli “Respublika hududlarida mikro GESlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirildi.

Butun mamlakat bo‘ylab mikro GESlar qurilishi va ishga tushirilishi belgilangan reja asosida tizimli ravishda davom etmoqda. Asosiy e’tibor qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va suv resurslarini energetika sohasiga samarali jalb etishga qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi muhim jihatlardan biri bu — mahalliylashtirishdir. Ichki korxonalarda gidroinshootlar uchun zarur bo‘lgan asosiy agregat va uskunalar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa loyiha xarajatlarini kamaytirish hamda mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Nukus tumanida 3 ta mikro GES qurilib, ishga tushirildi. Ulardan biri “Oqterek” mahallasida joylashgan bo‘lib, Bo‘zatov kanalining oqimidan foydalanadi. Quvvati 15 kVt bo‘lgan ushbu stansiya yiliga 85 ming kVt·soat atrofida elektr energiyasi ishlab chiqaradi va mahalla aholisining ehtiyojlarini qoplashga xizmat qiladi.Yana 2 ta mikro GES “Kerder” fuqarolar yig‘iniga qarashli “Qizil uy” qishlog‘ida, To‘rtko‘l kanali asosida barpo etildi. Ularning umumiy quvvati 30 kVt bo‘lib, yiliga taxminan 175 ming kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Bundan tashqari, Xo‘jayli tumanidagi Suyenli kanali suv tashlash inshooti yonida har biri 50 kVt quvvatga ega yana 2 ta mikro GES foydalanishga topshirildi. Hisoblarga ko‘ra, ushbu stansiyalar yiliga 580 ming kVt·soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqara oladi. Yangi qurilgan barcha stansiyalar tegishli mahallalarga biriktirilgan. Ular tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan mablag‘lar joylardagi ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Mazkur loyihalar kichik gidroenergetika sohasi bilan qiziqayotgan tadbirkorlar uchun amaliy namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Ular davlat-xususiy sheriklik asosida yangi mikro GESlar qurilishida ishtirok etish imkoniyatiga ega.

Shu tariqa, Nukus tumanida 3 ta, Xo‘jayli tumanida esa 2 ta mikro GES ishga tushirilib, mahalliy aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashni boshlab yubordi.

Fikr-mulohaza shakli
Suhbat davomida javob beradigan savollaringiz bo'lsa - bizga yozing. Biz muloqot uchun ochiqmiz!