×
Очки

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

Namangan viloyati tarixidagi eng yirik gidroenergetik obyekt qad rostlamoqda

07.07.2025

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan biri bo‘lgan gidroenergetika sohasi jadal rivojlanmoqda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimiz suv resurslaridan samarali foydalanish, mavjud suv potensialini maksimal darajada ishga solish, hududlarda yangi gidroelektr stansiyalarini qurish, mintaqalarning energetik ehtiyojlarini qondirish hamda xonadonlarga zarur elektr energiyasini yetkazib berishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ushbu yo‘nalishda tasdiqlangan strategik rejalar doirasida butun mamlakat bo‘ylab yirik, kichik va mikro GESlar qurilishi amalga oshirilmoqda.

Shunday istiqbolli loyihalardan biri — Namangan viloyatining Norin daryosida qurilayotgan GESlar kaskadi hisoblanadi. Ushbu kaskad 6 ta GESdan iborat bo‘lib, har birining quvvati 38 MVt, umumiy loyiha quvvati esa 228 MVtni tashkil etadi. Loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov, energetika vaziri J. Mirzamahmudov, suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayev, Namangan viloyati hokimi Sh. Abdurazzoqov va boshqa masʼul shaxslar “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi A. Sanginov hamrohligida GES-1 obyektiga tashrif buyurishdi. Bu obyekt mazkur loyiha doirasida qurilishi yakunlanayotgan birinchi stansiya hisoblanadi. Bosh vazir boshchiligidagi delegatsiyaga obyektning inshootlari batafsil tanishtirildi. Boshqaruv raisi A. Sanginov loyiha asosiy ko‘rsatkichlari, qurilish rejasida bajarilgan ishlar, hozirgi qurilish va montaj ishlari holati, shuningdek, loyiha bo‘yicha umumiy ma’lumotlar bilan tanishtirdi.

Rejaga ko‘ra, kaskaddagi birinchi GES — GES-1 joriy yilda, yurtimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida ishga tushiriladi. Shu munosabat bilan amaliy ishlar faol va mas’uliyat bilan olib borilmoqda.

Ushbu loyiha o‘z energetik quvvati jihatidan Namangan viloyati tarixidagi eng yirik gidroenergetik inshoot hisoblanadi. Loyiha uchun zarur bo‘lgan jihozlar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “UzHydroPower” zavodida, “Made in Uzbekistan” milliy brendi ostida, mahalliylashtirish doirasida ishlab chiqarilmoqda.

Ta’kidlash joizki, ushbu istiqbolli loyiha ishga tushirilgach, yiliga o‘rtacha 1 milliard 25 million kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 430 ming xonadon elektr energiyasi bilan taʼminlanadi, 277 million kub metr tabiiy gaz tejab qolinadi. Eng muhimi, loyiha Namangan viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga va mahalliy aholining turmush darajasining oshishiga muhim hissa qo‘shadi.

Fikr-mulohaza shakli
Suhbat davomida javob beradigan savollaringiz bo'lsa - bizga yozing. Biz muloqot uchun ochiqmiz!