Burchmullada quvvati 20 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi ishga tushiriladi
Toshkent viloyatining Burchmulla hududida quvvati 20 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Obyekt 10 gektar maydonga joylashtiriladi. Stansiya yiliga 129,6 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla hududida quvvati 20 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi quriladi. Loyiha qiymati 28 mln dollarni tashkil etadi. Qurilish grant mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, deyiladi xabarda. Viloyat hokimi Zoir Mirzayev 1-iyul kuni obyekt uchun 10 gektar yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Yangi elektr stansiyasi yiliga 129,6 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Bunday hajm kichik shahar yoki qishloqni ta’minlash uchun yetarli. Buning natijasida yiliga 811,1 ming kub metr tabiiy gaz yoki 3,15 ming tonna ko‘mir tejalishiga erishiladi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida mamlakat quyosh va shamol elektr stansiyalari rekord darajada — 1,1 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqargan bo‘lib, bu umumiy ishlab chiqarishning 17 foizini tashkil etadi. Ushbu hajmning 712 million kVt/soati quyosh stansiyalariga, 392,1 million kVt/soati esa shamol stansiyalariga to‘g‘ri kelgan. 2024-yilda quyosh va shamol stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan energiyaning umumiy hajmi 4,86 milliard kVt/soatga yetgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonning 10 ta hududida umumiy quvvati 4067 MVt bo‘lgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 3 ta shamol elektr stansiyasi energiya ishlab chiqarmoqda.