Quyi Chotqol GES — “Yashil kelajak” sari muhim qadam
9-sentyabr kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan Quyi Chotqol GES qurilish maydoniga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad — loyiha jarayonlarini o‘rganish, qurilish-montaj ishlarining borishi va inshootning o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishini ta’minlash bo‘yicha masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Loyiha ko‘rsatkichlari:
- Umumiy quvvat — 90 MVt
- Yillik ishlab chiqarish — 300 mln kVt·soat
- 4 ta gidroagregat (har biri 22,5 MVt)
- Elektr energiyasi bilan ta’minlanadigan xonadonlar soni — 125 mingdan ortiq
Loyiha hujjatlari va muhandislik yechimlarini ishlab chiqishda katta tajribaga ega “Gidroproyekt” AJ faol ishtirok etmoqda.
Tashrif doirasida o‘tkazilgan ishchi yig‘ilishda quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi: asosiy inshootlardagi qurilish-montaj jarayonlari, ma’muriy binolarning jihozlanishi, hududni obodonlashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilish, xavfsizlik talablariga rioya etilishi hamda resurslardan samarali foydalanish.
Yig‘ilish yakunida loyiha sifatini oshirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish va qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.