AQShda ilk to‘lqin elektr stansiyasi ishga tushirildi
Los-Anjeles portida Eco Wave Power kompaniyasi AQShdagi birinchi quruqlikdagi to‘lqin elektr stansiyasini ishga tushirdi. Loyiha AltaSea markazi va Shell Marine Renewable Energy hamkorligida amalga oshirildi.
Yangi texnologiya daryo oqimi va to‘g‘onlardan foydalanadigan an’anaviy GESlardan farqli ravishda, okean to‘lqinlari harakatidan elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Suv yuzasiga o‘rnatilgan maxsus suzgichlar to‘lqin kuchini toza elektrga aylantiradi.
Kongress a’zosi Nanett Dias Barragan bu voqeani tarixiy qadam deb atadi. Kompaniya rahbari Inna Braverman esa tez orada Tayvan, Hindiston va Portugaliyada ham shunday stansiyalar ishga tushirilishini ma’lum qildi.
Port rahbariyati loyihani ekologik maqsadlar bilan bog‘lab, nol chiqindilarga erishishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Texnologiya xalqaro qiziqish uyg‘otdi. Tayvan va Janubiy Afrikada pilot loyihalar tayyorlanmoqda, Keniya hamda boshqa davlatlarda kengaytirish rejalashtirilgan.