O‘zbekiston energiya balansida QTEM ulushi 45% dan oshdi
2026-yil 24-iyun soat 15:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekiston energiya tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi o‘tgan yilning mos davridagi 33,6% ga nisbatan 45,3% ga yetdi.
Mamlakatdagi umumiy talab 11 365 MVtni tashkil etgan holda, generatsiya hajmi 11 728 MVtga yetdi. Shundan 5 310 MVt QTEM hissasiga to‘g‘ri keldi — bu o‘tgan yilga nisbatan 1 585 MVtga yoki 42,6% ga ko‘pdir.
«Yashil» manbalar hisobiga ishlab chiqarish hajmining o‘sishi issiqlik elektr stansiyalari yuklamasini kamaytirish imkonini berdi. Ularning generatsiyasi 7 243 MVtdan 6 293 MVtga qisqardi, stansiyalarda tabiiy gaz sarfi esa 293 ming kub metrga kamayib, 1 272 ming kub metrni tashkil etdi.
Prezident tashabbusi bilan energetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, quyosh energetikasi va saqlash tizimlariga jalb qilingan yirik investitsiyalar allaqachon ijobiy natijalar bermoqda. Bu yo‘nalish nafaqat qo‘shimcha quvvatlarni ta’minlamoqda, balki gazni tejash, mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlash hamda atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga xizmat qilmoqda.