O‘zbekiston va Xitoy «yashil» energetika laboratoriyasini ochdi
O‘zbekiston Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida 22-iyul kuni «yashil» energetika sohasidagi qo‘shma o‘zbek-xitoy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Energetika vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasining Ichki Mongoliya muxtor rayoni hukumati, Ichki Mongoliya Texnologiya universiteti hamda oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov, Ichki Mongoliya muxtor rayoni Partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari Shi Guanhuey va Ichki Mongoliya Texnologiya universiteti vitse-prezidenti, professor Guo Xunfey so‘zga chiqdi.
Ular qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va malakali mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Laboratoriya O‘zbekiston Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti hamda Ichki Mongoliya Texnologiya universiteti o‘rtasidagi hamkorlikda «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida tashkil etildi.
Laboratoriya bazasida quyosh, shamol va vodorod energetikasi, energiyani saqlash texnologiyalari, intellektual energetika tizimlari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Buning ustiga, loyiha zamonaviy laboratoriya maydonchalarini yaratish va yuqori malakali kadrlarni tayyorlashni ko‘zda tutadi.
Tashkilotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, yangi ilmiy markaz faoliyati, shuningdek, Markaziy Osiyoda energetika texnologiyalarini namoyish etish platformasini yaratish, ilg‘or ishlanmalarni maxalliylashtirish va O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-innovatsion hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.